Bekobodda mag’lubiyatga uchradik
1. Uchrashuv qurbonlik bilan boshlanishiga sal qoldi. Yarim daqiqa oʻtar-oʻtmas mezbonlar oʻyinchisi jabrlandi.
2. Dastlabki zarba ham mezbonlar tomonidan yoʻllandi.
5. Toʻp-patrul hodisasi yuz berdi. Bir futbolchi u yondan, biri bu yondan keldi va… bir qarasam, ikkalasi ikki yonga dumalab yotibdi.
10. Ismi bilan familiyasi bir boʻlgan Ifeani raqibning butsasi va toʻp rangi bir xil ekanligini farqiga bormagani uchun ogohlantirildi.
14. Kenjaboyevning uzatmasiga faqatgina tribunaning eng yuqorisida oʻtirgan kishi yetib bora olardi.
18. “Qizilqum” tomonidan tashkil etilgan xavfli hujumning yakunini keyingi hujumlarda koʻradigan boʻldik.
22. Xudoyshukur Sattorov oyoqbosdi marosimida ishtirok etgani uchun ogohlantirildi.
Toʻp nazorati: 45%-55%
24. Kenjaboyev markazdan raqib jarima maydoniga kirib bordi va zarba yoʻlladi, darvozabondan qaytgan toʻpga esa Xoldorxonov “Harri Maguayr” deydigan harakat amalga oshirdi.
29. Shahzodbek Gʻofurbekov judayam chiroyli noaniq zarba yoʻlladi.
31. Bugungi oʻyin faqat yiqilishlar bilan qizimoqda. Hozirgi vaziyatda ham bekobodliklar posboni bilan Xoltoʻrayev “tashlashib” qoldi.
36. Shifokorlar maydon chizigʻidan tashqariga chiqmasa ham boʻlardi, har ikki daqiqada boshlovchi ga oʻxshab faqat shularni koʻryapmiz.
40. “Seniyam davolashi, seniyam davolashadi…” Endi davolanish navbati Tarasovga keldi.
41. “Qizilqum” darvozasi tomon penalti belgilandi. Qoida buzgan Mamatxoʻjayev ogohlantirildi. Tarasov, adashmasam, “Hey, fuuu”ga oʻxshash jumlani ishlatgani uchun chetlatildi. VAR vaziyatni oʻrganmoqda.
45. Penalti va sariq kartochka bekor qilindi. Qizil kartochka esa oʻz kuchida qoldi.
45. Birinchi boʻlimga 5 daqiqa qoʻshib berildi.
45+3. “Qizilqum”da oʻzgarish: Nurmatov oʻrniga Oleg Tolmasov maydonga tushirildi.
45+6. Hakam oʻzi bilan tortishgan Aliqulovga Tarasovga oʻxshashni xohlaysanmi degandi, bekobodliklar oʻyinchisi tinchlandi.
Birinchi boʻlim yakunlandi.
46. Ikkinchi boʻlim boshlandi.
47. Ilyosov toʻpga chiqishda xatolikka yoʻl yoʻqdi, soʻngra xatosini toʻgʻrilash uchun toʻpga oyoq qoʻydi.
52. Aliqulov darvoza ortida zerikkancha uyqusirab turgan bolakayga toʻp oshirdi.
55. Hakam “jonli devor”da turgan futbolchilar yoniga yaqinlashishi bilanoq maydonga dezodorantga oʻxshagan suyuqlik sepdi. Mehmonlarning jarima zarbasi esa maydonga sepilgan koʻpik singari havoga uchib ketdi.
58. GOOOOOOOOOOOOLLLLLL!!! Gʻofurbekov kuchli zarbasi bilan ogʻzimdagi “Orbit”ni tushirib yubordi.
64. Aliqulov toʻpni toʻxtatishda mening 1-sinfdagi paytimdagiga oʻxshatib harakat qildi.
65. Toʻp uchun kurashda ikki jamoasi futbolchilari kalla urishtirishdi.
67. Mamatxoʻjayev birinchi boʻlimda bekor qilingan sariq kartochkasini baribir oʻziniki qildi.
68. “Qizilqum”da oʻzgarish: Sanoyev oʻrniga Joʻrayev maydonga tushirildi.
71. Islom Kenjaboyev ogohlantirildi.
73. “Metallurg” safida oʻzgarish: Husniddin Gʻofurov Marko Obradovichni almashtirdi.
78. “Qizilqum”da ikki oʻzgarish: Jasur Xoltoʻrayev va Avazxon Mamatxoʻjayev oʻrniga Viktor Mbaoma va Islom Toshpoʻlatov maydonga tushirildi.
82. Husniddin Gʻofurov tepgan toʻpi golga aylanishi uchun sal qolishiga sal qoldi.
89. Kenjaboyev dastlab toʻp bilan stadiondan tashqariga chiqib ketdi, soʻngra oʻyindan ham tashqarida qolganini bilib oldi.
90. Ikkinchi boʻlimga 4 daqiqa qoʻshib berildi.
90+3. “Metallurg” safida oʻzgarish: Asilbek Qayumov Bektemir Abdumannonovning oʻrniga uchrashuvni yakunlab qoʻyadi.
UCHRASHUV YAKUNLANDI.