INTERVYU
Jamshid SAIDOV: «Turnir jadvali peshqadamiga qarshi munosib oʻyin koʻrsatib, gʻalabaga erishdik”
- Oʻyin haqida
- Qiyin oʻyin oʻtkazdik. Raqibimiz ham anoyi emasdi – turnir jadvalini boshqarib kelayotgan jamoaga qarshi asosiy eʼtiborni himoyaga qaratib, qarshi hujumlardan samarali foydalanishni maqsad qilgandik. Yigitlar koʻrsatmalarimizni bexato bajarishdi. Ha, biz anchadan beri gʻalaba qozona olmayotgandik. Davra soʻnggida yana uch ochkoni qoʻlga kiritshni uddaladik.
Muxlislarimizga rahmat, bizga oxirigacha ishonishdi va qoʻllab-quvvatlashdi. Birinchi davrani ajoyib gʻalaba bilan yakunladik. Yigitlarga xarakter koʻrsatishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bugungi gʻalabada jamoaning har bir aʼzosini alohida mehnati bor. Shuningdek, taʼkidlab oʻtish kerak, bugun mahalliy ishqibozlar ham bizga muxlislik qilishdi. Albatta, ularga ham jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman. - Jamoliddin Ubaydullayevning zaxiraga olinishi jarohat bilan bogʻliqmi?
- Ha, shunday boʻldi. U raqib futbolchisi bilan kurashda jarohat oldi, majburiy almashtirishga qoʻl urdik. Uning holati haqida barchasi tibbiy koʻrikdan soʻng maʼlum boʻladi.
- -Yevropa chempionatida Gruziya terma jamoasi ajoyib oʻyinlar koʻrsatayapti. Umuman chempionatimizga keladigan gruzin futbolchilarning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Jamoamizga keladigan legioner bizning prinsiplarga mos tushishi kerak. Gruzin futbolchilarda kurashuvchan xarakter bor. Namangandagi oʻyindan soʻng yetakchi legionerimiz Akaki Shulaya jarohat olgani bois bugun bizga yordam bera olmadi… Gruziya terma jamoasi Yevropa chempionatida ajoyib oʻyin koʻrsatib, Portugaliyani 2:0 hisobida magʻlub etdi. Umuman, gruzin futbolchilar haqida fikrim ijobiy.
- “Qizilqum” chempionat startini yaxshi boshlagandi. Biroq, keyinchalik natijalarda pasayish koʻzga tashlandi. Bu nima bilan bogʻliq?
- Avval ham aytgandim, hozirgi Superligamiz saviya jihatdan anchayin kuchayib ketdi. Hamma jamoa tahlillarga asoslangan futbol oʻynayapti. Kuchsiz koʻrinayotgan jamoaning oʻzi yoʻq. “Nasaf” yoki “Paxtakor”ni oling, kuchli jamoalar, lekin ular ham har bir oʻyinda katta qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.