INTERVYU
Superliganing 3-turidan o’rin olgan «Nasaf» – «Qizilqum» (2:1) uchrashuvidan so’ng mehmonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O’yin haqida
– Birinchi bo’limda vaziyatlarimiz o’xshamadi. «Nasaf»ni g’alaba bilan tabriklayman. O’yinga tayyorlagan rejalarimiz bor edi. Qarshi hujumlardan foydalanishga harakat qildik. Ikkinchi bo’limda vaziyatlarimiz ko’paydi, o’yinimizni kuchaytira oldik. Navoiydan kelib bizni qo’llab-quvvatlagan futbol ishqibozlariga minnatdorchilik bildiraman.
- – «Qizilqum» o’tgan uchrashuvlarda birinchi bo’limda yaxshiroq o’ynayotgandi. Bugun esa aksi bo’ldi. Buni qanday izoxlaysiz?
– O’tgan uchrashuvlarda ikkinchi bo’limlardagi sust harakatlar uchun bizda ham savollar bor edi. Bugun hisobda ortda borayotgandik. SHu sababdan ham ikkinchi bo’limda hujumlarni kuchaytirmasak bo’lmasdi. Futbolchilarga motivaciya har doim kerak, tanaffusda ularni ruxlantirishga harakat qildik.
- – Jamoangizning jismoniy holati yaxshiroq ekanini ko’rinayapti. Bu mashg’ulotda olib borilgan ishlar samarasimi?
– Albatta, mashg’ulotlarda jismoniy tayyorgarlik bo’yicha alohida ishlaymiz. Hozir mavsumning kirish qismidamiz, barcha jamoalarda jismoniy holat bilan bog’liq muammo bor. Yigitlarga kuchli hohish va o’z-o’ziga bo’lgan ishonchning tasiri muhim hisoblanadi.
- – Rahmatovni nega jamoada saqlab qolmagansizlar?
– Rahmatov «Nasaf» futbolchisi. Ko’rayapsizlar, asosiy tarkibda o’ynayapti. Biz istaganimiz bilan «Nasaf» zarur paytda bu futbolchini ortga qaytara olardi.