Bosh murabbiy Jamshid Saidov fikrlarini bildirdi

Superliga oʻtish oʻyini doirasidagi “Qoʻqon-1912” – “Qizilqum” (1:2) uchrashuvidan soʻng jamoamiz ustozi Jamshid Saidov fikrlarini bildirdi
– Oʻyin haqida
Bugun xarakter koʻrsatdik. Navoiydan kelgan muxlislarga, jamoamizning barcha xodimlariga, rahbariyatga rahmat aytmoqchiman. Ular bizni doim qoʻllab-quvvatlab kelishdi. Biz Superligada qoldik, bundan xursandman.
– Oʻtgan yili chempionlik sari intilgan “Qizilqum” bu yil chempionatda qolish uchun kurashdi. Bu nima bilan bogʻliq?
– Birinchidan, u paytda tarkib boshqa edi. Tajribaliroq, yuqori saviyali futbolchilar yigʻilgandi. Hozir esa jamoamiz asosan yoshlardan iborat. Bu oʻtmishda qoldi deb oʻylayman. Muhimi, biz oldimizga qoʻyilgan vazifani bajardik. Navoiy xalqi oldida yuzimiz yorugʻ boʻlganidan mamnunman.
– Jamoaning Gʻiyosov, Akaki va Kenjaboyevdan iborat hujum triosi Superliganing eng yaxshilari qatorida eʼtirof etiladi. Ular qoladimi? Maʼlumotlarga koʻra, Kenjaboyev jamoadan ketayotgan ekan…
– Ha, maʼlumotlar chiqdi. Islom Kenjaboyev “Lokomotiv” bilan shartnoma tuzgan. Hozir hech narsa deyolmayman. Koʻpchilik bilan bitim muddati tugamoqda. Navoiyga qaytib, uyogʻini koʻramiz. Jamoamiz oʻzagini 60 foizga saqlab qolmoqchimiz.