BOSH MURABBIY JAMSHID SAIDOV

“QIZILQUM” PFK Coca Cola Superligasi 23-turidan oʻrin olgan “Olimpik” – “Qizilqum” (0:0) bahsidan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida qatnashdi.

“Afsuski, ular bir kishi boʻlib qolganida bundan unumli foydalanib keta olmadik. Vaziyatlar boʻldi, ammo gol urolmadik. ”Olimpik“ koʻplab vaziyatlar yaratdi deyish qiyin. Ular yaxshi himoyalanishdi va himoyani yorib oʻtish qiyin boʻldi. Oʻyin oxirida bizning futbolchimiz ham maydondan chetlatildi. Shundan soʻng oʻyin tartibsiz koʻrinish oldi. Biz oxirgi oʻyinlarda koʻrsatgan oʻyinimizni koʻrsatolmadik”, – dedi Saidov.

– “Qizilqum” birinchi boʻlim boshida oʻyinni himoyadan qurishni boshlagandek tuyuldi, 13-daqiqada “Olimpik” aʼzosi qizil kartochka olgach ham, jamoangiz bir taym davomida umuman hujum qilgani yoʻq, faqat bitta vaziyat boʻldi…

– Yoʻq, biz himoyalanmadik. Biz raqibni maydonning ikkinchi qismida kutib oldik. Shunchaki “Olimpik” yaxshi himoyalandi va bizda koʻp ham vaziyat boʻlmadi. Biz himoyadan oʻynadik degan fikrdan yiroqman. “Olimpik” qanday oʻynashini, oʻzimiz nimalarga qodirligimizni bilardik. Balki raqib bir kishi kam boʻlib qolganida mensimaslik boʻldimi yoki oʻzimizga ishonch yetishmadimi, holatni oʻrganib chiqamiz. Yigitlarimizga rahmat aytmoqchiman, ular ijobiy natija uchun oxirigacha harakat qilishdi. Shuningdek, bizni qoʻllab-quvvatlab turgan navoiylik muxlislarga minnatdorlik bildiraman.

– Markazda oʻynagan ikki yarim himoyachi – Murodbek Rahmatov va Ifeani Ifeanida xatolar koʻp boʻldi. Bunga qanday qaraysiz? Ulardan qanchalik koʻnglingiz toʻldi?

– Koʻnglim toʻlmadi. Ularda xatoliklar koʻp kuzatildi. Ayniqsa Murodbek oʻyinga kirishib keta olmadi. Unda sogʻliq bilan bogʻliq muammolar bor, shuning uchun uni almashtirdim. Bir kishi xato qilsa, buning ortidan qolgan futbolchilar ham xato qilishdi – bu zanjir kabi ulanib ketdi.

– “Qizilqum” 26 oʻyindan 23 tasini oʻynab boʻldi, “Olimpik” esa 21 tasini. Turnir yakunlanishiga 3 tur qolganida, “Olimpik” 3 ochko oldinda. Nima deb oʻylaysiz, jamoaning toʻgʻridan-toʻgʻri Superligada qolish imkoniyati qanday?

– Superligada qolish uchun oxirigacha kurashamiz.

Related Articles

Back to top button