Coca Cola Superligasi 18-turi doirasida «Paxtakor»ga qarshi bahsdan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Jamshid Saidov o’z fikrlarini bildirdi.

– Nima ham derdim. Yigitlarga e’tirozim yo’q. 3 vaziyatda e’tiborni yo’qotdik. «Paxtakor» uch vaziyat yaratdi va shulardan foydalanib ketdi. Afsuski biz vaziyatlardan gollar ura olmayapmiz. Bir qanchasidan foydalanishimiz kerak edi. Hyech qisi yo’q. Yigitlar harakat qilayotgani uchun minnatdorman. Agarda yomon o’ynaganimizda e’tiroz bildirgan bo’lardim. So’nggi laxzagacha kurashishda davom etamiz. G’alabalarimiz hali oldinda. Bugun bizni qo’llab turgan muxlislardan uzr so’rayman. O’zimizni oqlay olmaymiz.
– Bu savol Sizga birinchi marta berilmayapti. Asosiy tarkibda Marko Simonovskiyning o’rniga Muhammadali G’iyosovni sinab ko’rsa bo’lmasmikin?
– Endi ko’rib chiqamiz. Har bir futbolchiga imkoniyat beryapmiz. Futbolchilarning o’ziga hos funksiyalari bor. Taklifingizni ko’rib chiqamiz. Navbatdagi o’yinga qulay jihatni tanlaymiz.
– «Qizilqum» tarixiga nazar soladigan bo’lsak, jamoa doim ham ikki hujumchili taktikadan foydalanmagan. Balki buni ham ko’rib chiqish kerakdir.
– Biz har bir uchrashuvda ikki xil taktik sxemada o’ynashga harakat qilamiz: hujumkor taktika, himoyaviy taktika. O’yin davomida buni o’zgartirib boramiz. Bu normal holat.
– Akmaljon Muzaffarov haqida fikringiz.
– Yosh, iqtidorli mahalliy futbolchi. Umid qilamanki, u kelajakda yaxshi futbolchi bo’lib yetishadi. Biz ham unga imkoniyat berishga harakat qilyapmiz. Bu uning ikkinchi o’yini. Yigitcha harakat qilyapti. U bilan ishlaymiz.
– Bugungi o’yin orqali jamoada o’sish borligini ko’rish mumkin. Agarda omadni ushlab olsangiz, bu yog’i yaxshi bo’lishi mumkin. Chunki muxlislar jamoaning so’nggi o’rindaligiga emas, eng yomon o’rindaligiga jaxli chiqmoqda.
– Biz har bir o’yinni boshidan oxirigacha ko’rib chiqamiz. O’yinlarimizda yigitlarga katta e’tirozlar bo’lmaydi. Buni Siz ham ko’rishingiz mumkin. Qarshi, pozision hujumlar hisobiga bizda yaxshi vaziyatlar yuzaga kelyapti. Yaxshi zarbalar beramiz, raqib posboni qutqaryapti. Umuman olganda jamoada katta muammolar ham kuzatmayapman. Muxlislarning e’tiroz bildirishga haqqi bor. Biz so’nggi o’rindamiz. Biz ham barchasini ko’rib turibmiz. Turnir jadvali ham ko’p narsalarni anglatadi. Barcha tushunib turibdi, biz uchrashuvlarni so’nggi o’yin kabi o’tkazyapmiz. Jamoadagilar ham «Qizilqum»ning pastga tushib ketishini istashmayapti va maksimal kuch bilan harakata qilishyapti. So’nggi o’yinlarimizni qarang, qancha vaziyat yaratdik, undan foydalana olmayapmiz. Urgan 3-4 gollarimiz ham penaltidan bo’ldi. O’yindan gol ura olmayapmiz. G’iyosov yaxshi vaziyatga chiqib bordi. Vahobovda ikkita vaziyat. Bizdan barcha natija talab qilmoqda. Bu ham o’z ta’sirini o’tkazadi.
Qo’ldan kelgancha harakat qilamiz. Oldinda 8 o’yin bor. Umid hali so’nmaydi.