Jamshid SAIDOV: «Omad bugun biz tomonda emasdi»

Superliganing 14-turidan o’rin olgan «Qizilqum»- «Navbahor» (1:2) uchrashuvidan keyin jamoamiz ustozi Jamshid SAIDOV o’yin haqidagi fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
-Ikkinchi davraning ilk uchrashuvida chiroyli o’yin orqali g’alabaga erishib, muxlislarni xursand etish niyatida edik. Afsuski, natija biz kutgandek bo’lmadi. Shunday bo’lsada, bizni stadionda qo’llab-quvvatlab turgan muxlislarga rahmat deyman. Yigitlarga ham katta rahmat. Ular ko’rsatmalarni bexato bajarishga intilishdi, maydonda astoydil ter to’kishdi. Ammo bugun omad biz tomonda emasdi.
-Ikkinchi bo’lim o’rtalarida maydonda yaxshi harakat qilayotgan Islom Kenjaboyevni zaxiraga oldingiz. Bu o’zgarish nima bilan bog’liq?
-To’g’risi, unga sariq kartochka ko’rsatilishidan cho’chidik. Agar u ogohlantirish olsa, keyingi turni o’tkazib yuborishga majbur bo’ladrdi. Shundog’am bugungi kartochkasi tufayli Ifeani keyingi turda bizga yordam bera olmaydi. Navbatdagi turni esa biz safarda «voha derbisi»da «Buxoro»ga qarshi maydonga tushamiz.
-Mavsumlar oralig’ida tarkibga kelib qo’shilgan legionerlarning harakatlari sizga ma’qul kelyaptimi?
-Ha, ularning harakatlari meni qoniqtiryapti. Ular professional futbolchi zimmalaridagi vazifani kutilgandek ado etishayapti.
-Bugungi mag’lubiyatga asosiy sabab sifatida nimani ko’rsatgan bo’lardingiz?
-Yuqorida ta’kidlab o’tdim: bugun omad raqib tomonida bo’ldi. O’yin tomonlama biz chempionat karvonboshisiga tengma-teng qarshilik ko’rsata oldik. Har ikkala bo’limda raqib darvozasi oldida golli vaziyatlarni keragicha yarata oldik. Ammo uni golga aylantirishda biroz oqsadik. Yigitlar bor kuchlari bilan harakat qilib, ba’zi vaziyatlarda raqibdan ustunlik ham qilishdi.