OKMK – “Qizilqum” uchrashuvidan (4:0) soʻng jamoamiz ustozi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi

– Oʻyin haqidagi fikrlaringiz?
– Bugun magʻlub boʻldik va barcha aybni oʻz boʻynimga olaman. Birinchi golga qadar yomon oʻynamayotgan edik. Gol oʻtkazib yubordik va oʻyin oʻzgarib ketdi, qizil kartochkadan soʻng esa raqib maydonda xohlagan ishini qildi.
– Islom Kenjaboyevning eʼtirozini murabbiy sifatida hurmatsizlik deb hisoblamaysizmi?
– U futbolchining oʻziga bogʻliq. Biz jamoa sifatida uning harakatini notoʻgʻri deb hisoblaymiz. Bu jamoadagi ichki nizo va shunday holatlar jamoaning oʻyiniga albatta taʼsir oʻtkazadi.
– Jamoadagi ichki muhit buzilgandek emasmi?
– Bunga sabab “Qizilqum”da futbolchilar yoʻqligi. Biz jamoadagi futbolchilarni almashtira olmaymiz. Futbolchilarni tanlashda xato qildik va shu xatolarimiz qimmatga tushmoqda. Biz koʻp futbolchilarni yigʻib oldik. Futbolchi maydonda oʻzini shunday tutsa murabbiy uchun qiyin. Yangi jamoa tuzganmiz, jamoadagi ichki muhit koʻproq oʻtgan mavsum toʻp tepgan futbolchilarga bogʻliq va ular jamoadagi ichki muhitni yaratishlari kerak edi. Tarkibimizda juda koʻp yangi futbolchilar bor. Masalan legionerlarimiz har xil qitʼalardan va ular hali yaxshi chiqishib keta olishmadi.
– Ushbu muammolarning kelib chiqishiga sabab intizommi yoki oʻyindagi muammolar?
– Koʻp muammolar intizom tufayli kelib chiqmoqda. Maydonda oʻz vazifasini bajarmaydigan futbolchi sabab, qolgan pozitsiyalarga koʻproq bosim boʻladi. Koʻp holatlarda ham futbolchilarga xarakter yetishmayapti.
– Jamoadagi eng muammoli pozitsiya qaysi?
– Bizga pleymeyker yetishmayapti. Hujumga oʻtayotgan chogʻimiz oʻyinni nazorat qiladigan va himoyada ham yordam beradigan sifatli futbolchi yetishmayapti. Stanisavlevichni yoʻqotganimiz qimmatga tushdi. Transferlar oynasida u bilan kelishib olgandik, lekin Oʻzbekistonga qaytib kelganidan soʻng boshqa jamoaga borib qoʻshildi. Biz tarkibimizda bor futbolchilar bilan harakat qilishga majburmiz.